Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining daromad va xarajatlari haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 17 iyul kuniga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘arma hisobiga jami 7,44 trln so‘m kelib tushgan. Ulardan 7,32 trln so‘mi xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari bo‘lsa, qolgan 123,5 mlrd so‘mi Davlat byudjeti hisobidan. Jamg‘arma xarajatlari 6,4 trln so‘mga teng bo‘lgani ma’lum qilindi.

Ijtimoiy soha

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan eng ko‘p mablag‘ mamlakat ijtimoiy sohasiga — jami 2,2 trln so‘m (+1,3 tlrn so‘m) yo‘naltirilgan. Bunda, mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:

  • 512 mlrd so‘m shaharlar va ko‘cha yo‘llarini ta’mirlash ishlariga;
  • 311 mlrd so‘m ijtimoiy nafaqalarga;
  • 298 mlrd so‘m umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiyalash, jihozlash ishlariga;
  • 200 mlrd so‘m band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasiga;
  • 181 mlrd so‘m Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ssuda sifatida;
  • 138 mlrd so‘m maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlariga
  • 117 mlrd so‘m byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga subsidiya;
  • 100 mlrd so‘m Prezident maktablarini qurish va jihozlash ishlariga;
  • 80 mlrd so‘m kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Kasaba uyushmalari federatsiyasiga;
  • 78 mlrd so‘m mahalliy byudjetlarga soliq imtiyozlari berilishi natijasida daromadlar yetishmovchiligini qoplash uchun;
  • 54 mlrd so‘m «O‘ztemiryo‘lovchi» AJning fuqarolarni manzillariga yetkazib qo‘yish xarajatlari;
  • 50 mlrd so‘m ishsiz, kam ta’minlangan oilalarga shaxsiy tomorqalarini rivojlantirishga;
  • 24 mlrd so‘m «Toshkent metropoliteni» va «Toshshahartransxizmat» xodimlariga ish haqi to‘lash uchun;
  • 20 mlrd so‘m «Agrobank» ATBga aholi bandligini ta’minlash uchun kredit liniyalari;
  • 20 mlrd so‘m karantindagi fuqarolarni doimiy yashash manzillariga olib borib qo‘yish hamda xorijiy davlatlardan qaytib kelgan fuqarolarni karantin hududlariga tashish xarajatlari;
  • 9 mlrd so‘m «O‘zavtotransservis» va «Toshshahartransxizmat» transport xarajatlarini qoplashga.


Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash

Mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 2 trln so‘m (+320 mlrd so‘m) sarflangan. Ushbu mablag‘ning 500 mlrd so‘mi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ korxonalariga, 401 mlrd so‘m esa O‘zbekneftgaz AJga subsidiya sifatida, 250 mlrd so‘m «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga ssuda sifatida berilgan.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 300 mlrd so‘m mablag‘ tuman byudjetlariga yer maydonlaridan foydalanish uchun ajratilgan.

Shu bilan birga, aviatsiya sohasiga jami 507 mlrd so‘m sarflangan (406 mlrd so‘m Uzbekistan Airways va 101 mlrd Uzbekistan Airports`ga ssuda sifatida berilgan). O‘z o‘rnida, turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 20 mlrd so‘m ajratilgan.

Qolgan 40 mlrd so‘m esa «Birinchi Rezinotexnika Zavodi» MCHJning xarajatlarini qoplash uchun safarbar etilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hisobiga 907 mlrd so‘m (+262 mlrd so‘m) o‘tkazilgan. Ushbu summadan 375 mlrd so‘m test tizimlari, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun sarflangan.

202 mlrd so‘m fuqarolarni karantinda saqlash bilan bog‘liq xarajatlarga va 76 mlrd so‘m ularning ovqatlantirishga; 25 mlrd so‘m jamoat joylarini dezinfeksiya qilish ishlariga, 9 mlrd so‘m epidemiologik holat bilan kurashish bo‘yicha tadbirlarga sarflangan.

Bundan tashqari, karantin tadbirlari va koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun to‘lovlarga 301 mlrd so‘m sarflangan. 11 mlrd so‘m maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish uchun yaratilgan.


Shifoxonalarni qurish va jihozlash

Jami 684 mlrd so‘m (+140 mlrd so‘m) shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun sarflangan. Ushbu mablag‘ning 354 mlrd so‘mi 10 ming o‘rinli maxsus shifoxonalar qurish uchun, 251 mlrd so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun, 69 mlrd so‘m Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand hamda Surxondaryo viloyatlarida tashkil etiladigan maxsus shifoxonalar va vaqtinchalik karantinda saqlash majmualariga, shuningdek, 10 mlrd so‘m diagnostika laboratoriyasi majmuasi rekonstruksiyasiga sarflangan.

Suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlari

Xarajatlar qatorida 602 mlrd so‘m (+29 mlrd so‘m) suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlariga yo‘naltirilgan.

Bunda, ajratilgan mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:

  • 335 mlrd so‘m irrigatsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiyasi uchun;
  • 153 mlrd so‘m Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv chiqarish tizimlarini qurishga;
  • 61 mlrd so‘m «Hududiy suv ta’minoti» MCHJga ssuda tariqasida ajratilgan mablag‘lar;
  • 53 mlrd so‘m Davlat ekologiya qo‘mitasiga ssuda sifatida.