Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan COVID-19 pandemiyasi bilan samarali kurashish uchun tibbiyot jihozlari va qurilmalar xarid qilindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

COVID-19 pandemiyasi bilan samarali kurashish uchun shifoxonalarni zarur resurslar bilan ta’minlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 40 dona SO‘V apparatlari, 120 dona bolalar uchun va 80 dona kattalar uchun SIPAP-apparatlari, 70 mingta kombinezon, 70 mingta niqob, 20 mingta baxila, 5 mingta qalpoq, 3 mingta ko‘zoynak, 150 mingta qo‘lqop xarid qilindi. Shuningdek, 50 dona Damas rusumli avtomobillar xarid qilingan bo‘lib, ulardan 25 tasi tez tibbiy yordam xizmatiga, 23 tasi tumanlar SEOMlariga, 2 tasi ruhiy kasalliklar shifoxonalariga taqsimlanadi.

Avvalroq «Gazeta.uz» Toshkentda uch kun ichida 43 nafar turli kasalliklar bilan og‘rigan bemor tez yordam xizmatining vaqtida yetib kelishga ulgurmaganligi oqibatida vafot etganligi haqda xabar bergan edi. Sabab — poytaxtda 100 ga yaqin tez yordam mashinalarining yetishmasligi.

Keyinroq bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev endi tez tibbiy yordam xizmati 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda yetib kelishi va COVID-19 ga test natijalarini uzog‘i bilan bir kunda chiqarilishi ta’minlanishini ta’kidlagan edi. Shuningdek u, endilikda 103 raqamiga telefon qilinganda band bo‘lish holatiga chek qo‘yilishini aytgan edi.

15 iyul kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun hayfsan e’lon qilgan edi.