Xalq deputatlari Chust tuman kengashi yangi hokimni tayinlanishni ma’qulladi, deya xabar berdi tuman hokimligining matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, 17 iyul kuni Xalq deputatlari Chust tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Chust tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan Bahodir Oxunov o‘z lavozimidan ozod etilgan.

“Sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Chust tumani hokimi lavozimiga Bekzod Hamdamov nomzodini taklif qildi. Deputatlar ushbu nomzodni ma’qulladi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Bekzod Hamdamov 1979 yilda Mingbuloq tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti, 2008 yilda esa Soliq akademiyasi magistraturasini tamomlagan.

U shu kunga qadar Mingbuloq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.