6 iyul kuni Nurafshonda o‘tkazilgan tezkor reyd davomida Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari 37 tup qimmatbaho daraxt kesilganlik holati aniqladi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Noqonuniy kesish natijasida «Qorasuv» mahallasid Toshkent yo‘li va 4R-2 yo‘li yoqasidagi daraxtlar zarar ko‘rgan. Jami 37 tup daraxt kesilgan bo‘lib, ularning 26 tupi — ko‘p yillik chinor, 9 tupi — shumtol va 2 tupi — tikandaraxt (gledichiya).

Tabiat va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 1,102 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Bu — yil boshidan buyon eng yirik summa hisoblanadi, deya aniqlik kiritdi Ekologiya qo‘mitasi vakili «Gazeta.uz»ga.

Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish hamda yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan.