Toshkentda 62 yoshli koronavirusga chalingan ayol o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida yashovchi 62 yoshli ayol N.A.da 8 iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va shahar 1-son klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Kasallik o‘tkir nafas hamda yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

O‘zbekistonda koronavirus asoratlaridan vafot etgani rasman e’lon qilingan holatlar 77 taga yetdi.