17 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 15349 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 93 nafari Karantin марказидаги (barchasi xorijdan kelgan) fuqarolar orasida, 144 nafari Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida, 25 nafari Samarqand viloyatida, 21 nafari Surxondaryo viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 6490 kishi davolanmoqda. Ulardan 58 nafari og‘ir, 7 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 8783 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, 17 iyul kuni COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 76 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Yunusobod tumanida yashagan 48 yoshli fuqaro T.Yo. (erkak) bo‘lib, u o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemor tana haroratining ko‘tarilishi sababli namuna topshirgan va 29 iyun kuni unda «COVID-19» aniqlangan. Bemorda yo‘tal, hansirash belgilari kuchayganligi sababli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

«Unga miokard infarkti, „COVID-19“ infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘ng o‘pka spontan pnevmotoraksi, nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Tekshiruvlar bemorda avvaldan bronxial astma kasalligi mavjud bo‘lganini ko‘rsatgan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida amalga oshirilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.