O‘zbekistondagi nodavlat tibbiyot muassasalariga koronavirus bemorlarini davolashga ruxsat berildi. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi, deya xabar berdi Koronavirus Info Telegram kanali.

Ma’lumotga ko‘ra, hozir aholini koronavirusga qarshi testdan tezkor o‘tkazishni tashkillashtirish va to‘xtovsiz tibbiy yordamni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, xususiy va nodavlat klinikalarga COVID-19 bemorlarini davolashga ruxsat berildi. Eslatib o‘tamiz, xususiy tibbiyot muassasalari 24 iyundan boshlab koronavirusga testlar olishiga ruxsat berilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda hokimliklarga xususiy va nodavlat klinikalarning faoliyatini tashkillashtirish uchun barcha kerakli yordamlarni ko‘rsatish topshirig‘i berildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda og‘ir pnevmoniya va boshqa o‘pka kasalliklari asoratlari boshlangan koronavirus bemorlarini davolashda qo‘llaniladigan import qilinadigan kislorod konsentratlari bojxona bojidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.