Noma’lum shaxslar Ilon Mask, Bill Geyts, Uorren Baffet, Barak Obama, Kane Uest, Binance rahbari Chanpen Chjao, Apple, Uber va boshqa 50 dan ortiq rasmiy sahifalarga kirib, yolg‘on xabarlar tarqatgan, deya xabar beradi VC.ru.

Kompaniya va rasmiy shaxslar akkauntlari orqali ular bir necha ming bitkoin tarqatilayotgani haqida yolg‘on e’lonlar qoldirishgan: belgilangan onlayn-hamyonga ma’lum summani yuborgan shaxs, uni ikki baravar qilib sovg‘a tariqasida qaytarib olishi va’da qilingan.

Toshkent vaqti bilan 03:00, 16 iyulga kelib, bu usul bilan firibgarlar 100 000 dollardan ortiq, yoki bitkoin ekvivalentida, 12 BTC ishlashgan va bu faqat hamyonlardan birining statistikasi.

«Twitter`da bizlar uchun og‘ir kun bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan hammamiz o‘zimizni yomon his qilyapmiz» — deydi Jek Dorsi, Twitter asoschisi.

Shuningdek, firibgarlar Apple, Uber kabi kompaniyalarning sahifasida ham yolg‘on xabarlar qoldirdi. Joylangan «tvitlar» aksariyati o‘chirilib, yangidan paydo bo‘lgan.

Foto: vc.ru.

Keyinchalik, tasdiqlangan rasmiy sahifalar mualliflari uchun e’lon va xabarlar qoldirish imkoni vaqtinchalik cheklab qo‘yildi.

Twitter kompaniyasining xabar berishicha, hujum ichki tizim va resurslarga kirish huquqiga ega kompaniya xodimlarini ijtimoiy injiniring yordamida chalg‘itib, amalga oshirilgan. Bu vositalar yordamida firibgarlar Twitter-sahifalarga kirib yolg‘on xabar qoldirgan.

Kompaniya tomonidan barcha xabar va e’lonlar o‘chirilgan, sahifalar esa vaqtinchalik cheklab qo‘yilgan. Surishtiruv ishlari tugagach, kompaniya to‘liqroq ma’lumot berishni va’da qildi.


Foto: vc.ru

Shuningdek, bu hodisa sababli Twitter kompaniyasining aksiyalari 4% ga tushdi. Xabarlarda aytilishicha, hujum uyishtirishda Twitter ning aynan autentifikatsiya (avtorizatsiya, kirish) tizimiga hujum uyushtirilgan va bu firibgarlarga akkauntlarga ularni login va parolini bilmagan holda kirish imkonini bergan.