Turkmanistonda masjidlar, cherkovlar va boshqa ibodat muassasalari hamda ziyoratgohlar vaqtinchalik yopildi, deya xabar berdi qo‘shni mamlakatning Arzuw News nashri mamlakat Muftiyat boshqarmasiga tayanib.

«O‘tkir yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha davlat rejasi doirasida Turkmanistonda masjidlar profilaktika maqsadida vaqtincha yopildi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, ushbu vaqtinchalik o‘rnatilgan cheklov choralari 23 iyul kuniga qadar musulmon ziyoratgohlariga ham qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, mamlakatda bir nechta kun davomida tashrif bilan bo‘lgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yuqori darajadagi mutaxassislari Turkmanistondagi sanitariya-epidemiologik vaziyat bo‘yicha o‘zlarining yakuniy xulosasini ma’lum qilishdi.

Unga ko‘ra, JSST delegatsiyasi Turkmanistonning turli ambulatoriya va boshqa tibbiy muassasalarida, laboratoriyalarida va boshqa muhim joylarga bo‘lgan tashrifi davomida ular mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatlarni qayd etilmagan.

«O‘z vaqtida amalga oshirilgan aniq choralar natijasida Turkmanistonda COVID-19 tasdiqlangan holatlari qayd etilmagan», — dedi JSSTning texnik maslahat missiyasi rahbari Ketrin Smolvud.

Ma’lumot uchun, dunyo boylab COVID-19 pandemiyasi e’lon qilinganidan buyon faqatgina Turkmaniston va Shimoliy Koreyada hamda bir qancha kichik orol davlatlarda (Kiribati, Samoa, Solomon v.h.k) koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan.