O‘zbekiston prezidentining qaroriga binoan Abduhakim Mo‘minovich Xadjibayev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, bu haqda 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham ma’lum qilingan.

A. Xadjibayev ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. A.Xadjibayev shu tariqa mazkur lavozimga uchinchi bor tayinlandi.

Ma’lumot uchun, tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Xadjibayev (1951 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat tibbiyot institutini tugatgan — 1974), 2017 yil aprel oyidan boshlab sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori bo‘lib ishlagan.

A. Xadjibayev Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga uchinchi marta tayinlanishidir. U ushbu lavozimni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori bilan birlashtirgan holda 2016−2017 yillarda, shuningdek 2003−2007 yillarda egallagan. 2000−2003 va 2007−2016 yillarda u RSHTYOIMning bosh direktori sifatida faoliyat yuritgan.