Koronavirus pandemiyasi sababli tashqi bozorlarda yuzaga kelgan beqaror vaziyat O‘zbekiston tabiiy gazining eksportiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilingan, deya xabar berdi «O‘zbekiston 24» telekanali.

Shavkat Mirziyoyev videokonferensaloqa rejimida neft-gaz kimyosi, elektr texnikasi va farmatsevtika sanoatidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda ushbu tarmoqlarni rivojlantirish ishlari bo‘yicha hisobotlar bilan tanishdi.

Hozirda O‘zbekistonda olinadigan tabiiy gazning Xitoyga eksporti 3 baravarga kamaygan bo‘lsa, Rossiyaga eksport butunlay to‘xtatilgan, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.

«Shu sababli davlatimiz tabiiy gaz hamda barcha xom-ashyo resurlarni qayta ishlash va tijoratlashtirishni yo‘lga qo‘ymoqda. Import mahsulotlarini o‘rnini bosadigan va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqarib, iqtisodiy samaradorlikni oshirish uchun chora-tadbirlar ko‘rilmoqda», — deyiladi telesyujetda.

Mart oyining boshida «O‘ztransgaz» boshqaruv raisi Ulug‘bek Sayidov «Gazeta.uz» ga bergan intervyusida koronavirus sababli karantin e’lon qilinganidan keyin Xitoy vaqtincha tabiiy gazni qabul qilishni, shu navbatda O‘zbekiston gazini ham, to‘xtatib qo‘yganligi haqida ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘ztransgaz» ichki bozorga 40 mlrd kubometr atrofida gaz yetkazib beradi. Undan tashqari, Rossiyaga 6 mlrd kubometr gaz Turkmaniston va Qozog‘iston orqali transportirovka qilinar edi. Asia Trans Gas QK yordamida (Xitoyning TAPLINE CNPC va «O‘zbekneftegaz» orasida) Turkmaniston-O‘zbekiston-Qozog‘iston-Xitoy gazotransport tizimi orqali 35−38 mlrd kubometr gaz transportirovka qilinadi.

2020 yilga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga ko‘ra, Xitoyga 2−6 mlrd kubometr atrofida, Qirg‘izistonga 60 mln kubometr atrofida, Tojikistonga 200 mln kubometr atrofida gaz eksport qilish rejalashtirilgan edi.

Oldinroq, bosh vazir Abdulla Aripov 2025 yilga qadar tabiiy gazning eksportini butunlay to‘xtatish va uni to‘liq ravishda mamlakat hududida qayta ishlash, hamda qo‘shilgan qiymat solig‘iga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ta’kidlagan edi.