16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya-Qozog‘iston davlat chegarasidan o‘tkazish masalasi bo‘yicha Rossiya tomoni bilan kelishuvga binoan, O‘zbekistonning uchta yo‘lovchi poyezdi Toshkent tomon yo‘l oldi, deya xabar berdi «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot hizmati.

1404 yo‘lovchisi bo‘lgan ikkita poyezd Kinel, yana bir poyezd esa 702 yo‘lovchi bilan Buzuluk stansiyalaridan harakatlanmoqda. Yo‘l davomida yo‘lovchi poyezdlar faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya’ni stansiya-vokzallarda yo‘lovchilar platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Chiptalar faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun sotildi. Buzuluk-Toshkent yo‘nalishidagi chiptalar narxi 1.200.000 so‘m (8500 rubl), Kinel-Toshkent — 1.450.000 so‘m (10.100 rubl)ni tashkil topdi.

Poyezdlar O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

Ushbu reyslarning barcha yo‘lovchilari poyezdlardan tushishlari bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston-Rossiya chegaralarida 2000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘plangani haqida xabar qilgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ularning mamlakatga qaytarilishini va’da qilgan edi.