O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan to‘qnash kelgan fuqarolarni ijtimoiy masofa saqlash bo‘yicha ogohlantiruvchi Self-Safety mobil ilovasi yaratildi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Mobil ilova Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

U мобил telefonining GPS va Bluetooth modullari yordamida ishlaydi va foydalanuvchilardan birida kasallik aniqlansa, bir daqiqa ichida barcha foydalanuvchilarni 5 metr radiusda kesishgan nuqtalarini solishtiradi. Kesishuv nuqtalari aniqlangach, mazkur joylarda 5 metrli radiusda bo‘lgan barcha foydalanuvchilarga PUSH-xabarnoma ko‘rinishida kasal bilan aloqada bo‘lganlik ehtimoli to‘g‘risida va keyingi xatti-harakatlar bo‘yicha tavsiyalar beradi.

Mobil ilova Android va iOS platformalarida mavjud bo‘lib, tez orada onlayn do‘konlarga chiqariladi. Ayni paytda uni quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqami, pasport raqami, tug‘ilgan yil, telefonning IP-manzili hamda smartfonlarda GPS va Bluetooth`ni yoqish so‘raladi.

Ishlab chiquvchilar aholini infeksiyani barvaqt aniqlash va tarqalishini oldini olish maqsadida Safe-Safety ilovasidan faol foydalanish, hukumat va tibbiyot xodimlariga COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda yordam berishga chaqirdi. Zero ilovadan qancha ko‘p odam foydalansa, uyidan tashqarida ushbu ilovani faollashtirsa, shuncha sifatli va yaxshi ishlaydi.

Qayd etilishicha, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda mobil ilovalardan foydalanish samaradorligi Janubiy Koreya, Singapur, Isroil, Italiya, Fransiya kabi ko‘plab boshqa davlatlar tajribasida isbotlandi.