Toshkentning Chilonzor tumanidan yashagan 53 yoshli fuqaro (erkak) koronavirus asoratlaridan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Marhum shu yilning 6 iyulida holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, hansirash paydo bo‘lgach, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan va unda COVID-19 tasdiqlangan. Shundan so‘ng u Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanishni boshlagan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Bemorda, shuningdek, yurak ishemik kasalligi, qandli diabet 2-turi, semizlik 2−3-darajasi borligi ham qayd etilgan.

So‘nggi kunlarda bemorning ahvoli yomonlashgan, zudlik bilan o‘pka, yurak reanimatsiyasi amalga oshirilgan. O‘tkazilgan muolajaga qaramasdan, yurak ritmi tiklanmagan va bemor o‘tkir yurak qon-tomir hamda nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ushbu holat bilan O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi 73 taga yetdi.