Xitoy hukumati 30 iyun kuni Gonkongda milliy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgach, 14 iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu qonunni ishlab chiqish va qabul qilishda qatnashgan kompaniyalar va shaxslarga nisbatan cheklovlar joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Xitoy bunga javoban, Xitoy AQSHga qarshi javob sanksiyalarini qo‘llashi mumkinligi bilan ogohlantirdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Xua Chunin ma’lum qildi, deya xabar berdi Reuters.

«Biz AQSH hukumatini zudlik bilan ushbu qarorni bekor qilishga va Xitoy manfaatlariga zarar yetkazadigan bayonotlar va xatti-harakatlar qilmaslikka chaqiramiz. Xitoy hukumati bundan keyin vaziyatdan kelib chiqib bunga munosabat bildiradi», — dedi Xua Chunin.

Bundan tashqari, u Vashingtonning harakatlarini Gonkong va Xitoyning ichki ishlariga qo‘pol aralashuv deb atadi.

30 iyun kuni Gonkongda Xitoy hukumati tomonidan qabul qilingan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonun separatizm, terrorizmning oldini olishga, davlat hokimiyatiga putur yetkazish va xorijiy kuchlar bilan til biriktirishga qarshi choralar ko‘rishga qaratilgan. Qonunni buzganlik uchun eng og‘ir jazo sifatida umrbod qamoq jazosi belgilangan.

14 iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp imzolagan qarorda, shuningdek Gonkongni maxsus ma’muriy hudud maqomidan mahrum etilishi nazarda tutilgan. «Gonkongga endi Xitoyga qanday musobatda bo‘lgan bo‘lsak, xuddi shunday munosabatda qilinadi», — deya ta’kidladi Donald Tramp. U bu qarorga ko‘ra Gongkongga nisbatan oldin mavjud bo‘lgan imtiyozlarni, alohida muhim iqtisodiy va texnologiya eksporti bo‘yicha munosabatlarning bekor qilinishini ta’kidi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘zgarishlardan so‘ng Gonkong endi ochiq bozorda raqobat qila olmaydi. «Biz kelajakda yetarli darajada katta biznes hajmini tiklaymiz, chunki biz hozirgina bitta raqobatchimizdan halos bo‘ldik», — dedi AQSH prezidenti.