O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining birinchi raisi Anvar Kurbanovich Sharapov vafot etdi, deya xabar berdi qo‘mitaning matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, A. Sharapov o‘z xizmat faoliyati davomida qator davlat idoralarida mehnat qilgan. Xususan, uzoq yillar mobaynida mamlakat tinchligi, farovonligi yo‘lida huquqni muhofaza qilish organlarida (1993 — 2014 yillar), O‘zbekiston Prezidenti Devonida (2014−2016 yillar) mas’ul lavozimlarda, xususan prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan.

Anvar Sharapov 2016 yil 14 dekabrda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan va bir yil davomida ushbu lavozimda faoliyat yuritgan.

Ma’lum qilinishicha, aynan Anvar Sharapov raisligida O‘zbekiston turizm sohasidagi islohotlar boshlangan. Shu davrda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining tarkibi to‘liq shakllantirilgan, viloyatlarda hududiy departament va boshqarmalar ochilgan, davlat unitar korxonalari tashkil qilingan.

“Anvar Kurbanovich hamkasblari orasida fidoyi mehnati bilan bir qatorda o‘zining insoniy fazilatlari bilan ham yodda qolgan: oqko‘ngil, samimiy hamda shogirdlariga doim yordamga shay inson bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Anvar Sharapov fidokorona mehnatlari uchun “Do‘stlik” ordeni va “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.