O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalarning xalq oldida obro‘sizlantirilishi va sud xodimining kaltaklanishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Avvalroq mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tekshirish o‘tkazilayotgani xabar qilingan edi. Mazkur tekshiruv natijasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyul kuni jinoyat va ma’muriy sud raislari tuman markaziga kiraverishdagi blok postda to‘xtatilgan hamda tuman hokimi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan shu yerda xalq oldida obro‘sizlantirilgan edi. Shuningdek, haydovchilardan biri kaltaklanib, vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga qamab qo‘yilgan.