Toshkent viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiqdagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi tibbiyot xodimlarining yoppasiga ish tashlagani va muassasaning yopilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi.

Qayd etilishicha, muassasa bosh shifokori Guljahon Yuldasheva viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulovga rasman xat orqali murojaat qilib, 11−15 iyul kunlari mazkur shifoxonada dezinfeksiya, deratizatsiya, yuvish va chayish ishlarini olib borishga ruxsat so‘ragan.

“Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining roziligi asosida, ayni paytda Chirchiq shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida yuqoridagi ishlar amalga oshirilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Viloyat hokimligi, shuningdek, shifoxonaning tibbiy xodimlarning karantin sharoitidagi mehnat faoliyatini baholashda, ularni rag‘batlashtirishda mavjud huquqiy hujjatlarga rioya etilmagani, karantinga olinganlar, koronavirus infeksiyasi bilan og‘rigan bemorlarni davolashda ishtiroki munosib baholanmayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan bayonotlari bo‘yicha ham izoh berdi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bemorlarni davolash bilan shug‘ullanmaydi. Tibbiyot xodimlari esa karantinga olingan fuqarolarni laborator tahlillarni olish, infeksiya aniqlangan bemorlarni maxsus shifoxonalarga yo‘llanma asosida yuborishda qatnashganlar.

“Bu holatda ular to‘liq siklda 14 kun davomida bemorlarni davolashda ishtirok etmagani inobatga olinadi va moddiy rag‘batlantirish tartibi shu jihatga asosan, bevosita bemorlarni davolashda qatnashgan shifokorlar bilan bir xil bo‘lmaydi”, — deyiladi viloyat hokimligi bayonotida.

Ayni paytga qadar viloyatda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda ishtirok etayotgan shifokorlarni moddiy rag‘batlantirishga jami 15,9 mlrd so‘m sarflandi. 4829 nafar tibbiyot xodimining oylik maoshiga qo‘shimcha 6 foiz moddiy rag‘batlantirish ajratilgan. Bu maqsadda jami 9,2 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qatnashgan 333 nafar shifokor esa 14 kunlik faoliyati uchun jami 6,7 mlrd so‘m miqdorida moddiy rag‘batlantirilgan.