O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi holat bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan vaziyatdan jiddiy tashvishda ekanligini bildiradi», — deyiladi bayonotda.

«Mazkur hududdagi holatning yanada keskinlashishi tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga olib kelishi, MDH hududidagi muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiyalarni buzishi, mintaqaviy xavfsizlikka zarar yetkazishi mumkin», — deya hisoblaydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

«O‘zbekiston tomonlarning o‘ta sabr-toqatli bo‘lishi tarafdori va holatni barqarorlashtirish hamda mazkur vaziyatdan chiqish uchun siyosiy-diplomatik muzokaralarga chaqiradi», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

Shu o‘rinda, Tashqi ishlar vazirligi halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan.

Armaniston va Ozarbayjon chegarasidagi harbiy to‘qnashuv 12 iyul kuni yuzaga kelib, Gruziya bilan chegaradosh bo‘lgan va Tog‘li Qorabog‘dan bir necha yuz kilometrda joylashgan Tovuz va Tavush tumanlarida davom etmoqda, deya xabar berdi RIA Novosti.

Rasmiy Boku bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 11 nafar ozarbayjonlik harbiylar halok bo‘lgan, ular orasida general ham bor. Armaniston tomoni ikki nafar ofitserning halok bo‘lganligi va besh nafarining yaralanganini ma’lum qildi. Tomonlar otishmalarda bir-birlarini ayblashmoqda.