Donald Tramp ma’muriyati faqat onlayn-ta’lim olayotgan chet ellik talabalarga AQSHda qolishni taqiqlash rejalardan voz kechdi. Bu haqda Boston federal sudyasi ma’lum qildi, deya xabar berdi CNN.

Iyul oyi boshida AQSH immigratsiya va bojxona xizmati koronavirus pandemiyasi sababli masofaviy ta’lim olish shakliga o‘tgan chet ellik talabalar AQSHni tark etishlari yoki kunduzgi ta’lim muassasalariga o‘tishlari kerakligini e’lon qilishgan edi. Qaror mamlakatda F-1 va M-1 vizalariga ko‘ra istiqomat qilayotgan talabalarga tegishli edi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda bunday talabalar soni bir milliondan ortiq.

Garvard universiteti va Massachusets texnologiya instituti, shuningdek 17 shtat va Kolumbiya okrugi rasmiylari Tramp ma’muriyatining ushbu qaroriga javoban sudga murojaat qilishdi.

CNN xabar berishicha, Oq uy ushbu qarorning oqibatlarini anglab yetdi va u chala o‘ylangan qaror ekanligini tan oldi. Endi rasmiylar ushbu qoidani hozir AQSHda bo‘lmagan, yangi chet ellik talabalarga nisbatan qo‘llashga e’tibor qaratishgan.

Okrug sudyasi Ellison Berrouzning aytishicha, Oq uy ma’muriyati mart oyi siyosatiga qaytadi. Bu siyosat pandemiya sababli onlayn kurslarga o‘tgan talabalar uchun moslashuvchanlikni ta’minladi.

Iyun oyining boshida AQSH prezidenti Donald Tramp yil oxirigacha chet ellik mutaxassislar va ularning oilalariga, shuningdek mavsumiy ishchilarga mehnat vizalarini berishni to‘xtatishni buyurgan edi.