Prezident farmoniga binoan Akmal Burhonov yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi, deya ma’lum qildi «Gazeta.uz»ga hukumatdagi manba.

Tayinlovga qadar, Akmal Burhonov «Yuksalish» umummilliy harakatiga raislik qilib kelayotgan edi. Shu bilan birga, u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati (Adolat SDP) va Parlamentning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosidir.

Manbaning «Gazeta.uz»ga ta’kidlashicha, Akmal Burhonov «Yuksalish» umummilliy harakati raisi lavozimini tark etadi.

Ma’lumot uchun, Akmal Burhonov Namangan viloyatida 1981 yili tug‘ilgan. 2001 yili Toshkent Davlat yuridik instituti bakalavriatini va 2003 yili magistraturasini, 2007 yili Nagoya Davlat universiteti (Yaponiya) magistratura bosqichini tugatgan hamda 2007 yildan Nagoya Davlat universiteti doktoranti hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 29 iyun kuni prezident farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgandi.

Agentlik korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, Agentlik prezidentga bo‘ysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mazkur Agentlikka farmon bilan quyidagi bir qator huquqlar berilgandi:

  • byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilish, olish va o‘rganish;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy surishtiruvlar o‘tkazish;
  • ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish.