Koronavirus infeksiyasiga chalingan pskentlik bemor o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Pskent tumanida yashovchi, 37 yoshli M.M.da (erkak) joriy yil 3 iyulda hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan.

Ammo ahvoli og‘irlashavergach, shu yilning 9 iyulda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

«12 iyul kuni esa bemorda o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi belgilari boshlangan va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga „COVID-19“ infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilindi.