Koronavirus infeksiyasiga chalingan qashqadaryolik bemor o‘tkir nafas, surunkali buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashovchi 66 yoshli I.I.da (erkak) joriy yilning 5 iyulida hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan.

Ammo ahvoli og‘irlashavergach, 8 iyul kuni tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota tuman ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygani sababli reanimatsiya bo‘limiga yotkizilgan.

«Bemorga „COVID-19“ infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas hamda surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, qandli diabet, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi kabi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.