Toshkentda koronavirusga chalingan er-xotin o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Olmazor tumanida yashovchi 68 yoshli K.A. (erkak) va uning turmush o‘rtog‘i 67 yoshli S.A. tana harorati 38 S gacha ko‘tarilishi, umumiy holsizlik sababli 5 iyul kuni tez tibbiy yordam mashinasida Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. Bemorlardan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan.

Ularga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shahar 1-sonli klinik shifoxonasiga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Har ikki bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgani sababli sun’iy nafas olish apparatiga olingan.

Ularga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiyasi, gipertoniya arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorlarning davolanishi davomida tibbiyot xodimlari tomonidan konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan er-xotin bemorlarning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.