Yoshlar ittifoqi markaziy kengashida ishlovchi xodimlarda koronavirus yuqtirish holati kuzatilganligi sabab markaziy kengash binosi karantinga yopildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga YOI matbuot kotibi ma’lum qildi.

Matbuot kotibi Nodir Abduqodirov hozirda Markaziy kengash binosida hech kim ishlamayotganini va bino dezinfeksiya qilish uchun yopilganini aytdi.

Ma’lumotga ko‘ra, kasallanganlardan bittasi uyda masofadan turib va yana biri tashikilot binosiga kelib ishlayotgan bo‘lgan.

«Shuni ma’lum qilmoqchimizki, yurtimizda e’lon qilingan karantin munosabati bilan Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashining aksariyat xodimlari 10 iyuldan boshlab onlayn (masofadan) ishlashga o‘tkazilgan edi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda kasallangan xodimlar soni 10 ga yaqin degan xabarlar asosga ega emas.

Binoda qo‘riqlash xizmati va dezinfeksiya ishlarini amalga oshirayotgan maxsus xodimlardan boshqa ishchilar yo‘q. Markaziy Kengash binosida muntazam tarzda dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda", — deb yozgan Yoshlar ittifoqi matbuot kotibi Nodir Abduqodirov.

Shuningdek, yangi tashkil qilingan Yoshlar ishlari agentligi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova o‘zida COVID-19 alomatlari sezilayotganini ma’lum qildi.