13 iyul kuni AQSHda 2003 yildan beri birinchi marta federal jinoyatlar uchun sudlangan jinoyatchi qatl etildi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Indiana shtatidagi qamoqxonada 47 yoshli Daniyel Lyuis Lining tanasiga o‘lim in’eksiya yuborildi. U 1999 yilda bir necha jinoyatlarda, jumladan, Arkanzasda uch kishilik oilani o‘ldirganlikda ayblangan edi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Li o‘ta o‘ng (ultra o‘ng) guruh a’zosi. Qatl boshlanishidan oldin u: “Men buni qilmagan edim, siz begunoh odamni o‘ldiryapsiz”, — degan.

Iyun oyi o‘rtalarida AQSH Adliya vazirligi federal jinoyatlar (jumladan, giyohvand moddalar, qurol sotish; odam o‘g‘irlash, bolalar pornografiyasi) uchun o‘lim jazosi qayta tiklanishi haqida e’lon qildi. Iyul-avgust oylarida yana uch kishi qatl etiladi.

2003 yildan keyin AQSHda federal jinoyatlarda ayblanganlar uchun qatl jazosi o‘lim in’eksiyalarini qo‘llash qoidalariga to‘g‘ri kelmasligi sababli amalga oshirilmayotgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, federal darajasidagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosiga hukm qilish davom ettirilgan.

O‘lim jazosi AQSHning ba’zi shtatlarida shtat darajasidagi jinoyatlar uchun ham qo‘llaniladi.