Mart-aprel oylarida O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi e’lon qilingani sabab pul o‘tkazmalarining transchegaraviy bozori quladi. May oyida pul o‘tkazmalari hajmi tiklana boshladi va iyun oyida ko‘rsatkichlar yetarlicha barqarorlashdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Shunday qilib, yil boshidan beri mamlakatda qabul qilingan pul o‘tkazmalari hajmi 2,4 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 156 mln dollarga yoki 6 foizga kam.

Xuddi shu davrda 427 mln dollar chet elga yuborilgan, bu 2019 yilning birinchi yarmidan 40 mln dollar yoki 9 foizga kam.

Xabar qilinishicha, iyun oxirida O‘zbekistonga 621 mln dollar yuborilgan. Hozircha bu yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkich. Masalan, karantindan oldingi davrda yanvar oyida respublikaga 400 mln, fevralda esa 385 mln dollar yuborilgan.

Koronavirus pandemiyasi e’lon qilinishi bilan transchegaraviy pul o‘tkazmalari bozori qulagan edi. Masalan, mart oyida pul o‘tkazmalari 296 mln dollargacha, aprelda 250 mln dollarga kamaydi. May oyida esa pul o‘tkazmalri hajmi tiklana boshladi — 485 mln dollar yuborildi.

Aprel oyida Jahon banki 2020 yilda global pul o‘tkazmalarining eng katta qisqarishi kutilishini taxmin qilgan edi. Rossiya pul o‘tkazmalariga yuqori darajada bog‘liqlik O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan edi.