O‘zbekistonlik tilshunoslar tomonidan chet elliklarga o‘zbek tilining boshlang‘ich darajasini o‘rgatuvchi yangi “O‘zbekona” darsligi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qo‘llanma xorijiy tilni egallashning umumevropa kompetensiyalari tizimiga asosan A1 darajani egallash imkonini beruvchi darslik bo‘lib, u 9 ta bo‘lim, 3 ta nazorat bloki, audiolar va qo‘shimcha materiallar kabi qismlardan iborat.

Ushbu darslik Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti Gulruxsor Ergasheva hamda O‘zbek tili fakulteti talabalarining MO’TUL jamoasi tomonidan pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Saodat Adilova ilmiy rahbarligida yaratildi.

Kitobda shu paytgacha mavjud qo‘llanma va elektron resurslardan farqli ravishda mavzular tizimli va izchil yoritilgan, integrativ va kommunikativ metodlar uyg‘unlashtirilgan, vositachi tildan foydalanilmagan.

“Bularning barchasi o‘rganuvchining til muhitiga tezroq kirib borishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, mashqlarning variativligi ta’minlangan, „oddiydan murakkabga“ metodik prinsipiga amal qilingan. Har bir sahifa, har bir mashqda milliylikni aks ettirishga harakat qilingan va umuminsoniy qadriyatlar singdirilgan”, — deyiladi xabarda.

Ushbu darslik yordamida tilni nafaqat o‘qituvchi bilan balki, mustaqil o‘rganish ham mumkin. Xususan, har bir bo‘lim mantiqiy ketma-ketlikda berilgan 5 qismdan iborat. O‘rganuvchi rasmlar orqali ham yangi mavzuni, mashq-topshiriqni bajarish yo‘lini tushuna oladi. Darslik so‘ngida sinov materiallari, audiolar, so‘zlashish uchun har bir mavzuga tegishli savollar va lug‘at berilgan.

Kitob xorijiy til o‘qitishning o‘qib tushunish, tinglab tushunish, gapirish, yozish ko‘nikmalarini to‘laqonli qamrab olgan.