Koronavirusga chalingan poytaxtlik bemor surunkali kasalliklar sabab vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Shayxontohur tumanida yashovchi, 61 yoshli F.A. (erkak) 10 kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, yo‘tal, hansirash belgilari bilan uyida davolangan. Ammo davo muolajalari natija bermagandan so‘ng COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan.

13 iyul kuni bemor o‘ta og‘ir ahvolda Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama bronxopnevmoniya, nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, u qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali jigar va buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.