Dunyodagi birinchi COVID-19 vaksinasi klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Sechenov universitetida (Rossiya) o‘tkazilgan sinov natijalariga ko‘ra vaksina inson uchun zararsiz ekanligi aniqlandi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Vaksinaning o‘zi N. F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Klinik sinovlar o‘tkazish 18 iyundan boshlangan edi. Sinov uchun ko‘ngillilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib tanlab olingan va ular izolyatsiyalangan.

Birinchi ko‘ngillilar guruhi 15 iyul kuni, ikkinchi guruh esa 20 iyul kuni kasalxonadan chiqariladi. Vaksinaning ikkinchi bosqich sinovi yuzasidan emlash ishlari 28 iyulgacha amalga oshiriladi.

Gamaleya instituti tadqiqotchilari COVID-19 vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazish 2−4 avgustgacha hal qilinadi deya umid qilishmoqda. Shuningdek, vaksinatsiya uchun ruxsat olishga ham bir necha kun kerak bo‘ladi.

Tadqiqotchilar vaksinani 14−15 avgust sanalarida fuqarolarga taqdim etishni boshlashni taxmin qilishmoqda. Gamaleya instituti direktori Aleksandr Ginsburgning aytishicha, avgust oyining o‘rtasigacha reja bo‘yicha ikkinchi bosqich sinovlari yakuniga yetkaziladi.

Shuningdek, Ginsburg vaksinaning ikki marotaba qilinishi zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi sinov paytida vaksina qilingan shaxslar yana bir bor emlanadi.

“Tajriba shuni ko‘rsatadiki, masalan, agar Eboladan siz o‘zingizni bir marta emlash bilan cheklasangiz, unda siz besh-olti oygacha siz ushbu infeksiyadan himoya darajasiga ega bo‘lasiz. Ko‘rsatkich besh-olti yoki yetti oy emas, balki ikki yil yoki undan ko‘p bo‘lishi uchun ikkinchi marta emlash kerak”, — tushuntirdi Aleksandr Ginsburg.

JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich Rossiya olimlarining koronavirusga qarshi vaksina yaratish bo‘yicha harakatlarini olqishladi va Gamaleya instituti olimlari ishlab chiqqan vaksinaning aslida nomzod vaksinalar global landshaftida mavjud ekanligini, bu faqat birinchi bosqich sinovlar ekanligini ta’kidladi. Uning xabar berishicha, nomzod-vaksinalar haqidagi barcha ma’lumotlar global platformaga joylab boriladi va JSST barcha davlatlarni ushbu birlashgan platforma orqali ishlashga chaqiradi.