Yevropa Ittifoqi va Fransiya taraqqiyot agentliligi 10 iyul kuni Samarqandda tibbiyot chiqindilarini xavfsiz usulda yo‘q qilish loyihasi uchun 1,5 mln yevro miqdorida mablag‘ ajratilishini ma’qulladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mablag‘lar Samarqanddagi chiqindilarni boshqarish operatori — Maroqand Obod davlat korxonasining COVID-19 sharoitida harakatlar rejasiga yo‘naltirildi.

Loyiha doirasida Samarqand shahrida tibbiyot chiqindilarini boshqarish takomillashtirilib, shahardagi qattiq chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi xodimlar xavfsizligi ta’minlanadi.

Reja O‘zbekiston hukumati, Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni kompleks boshqarishni takomillashtirish” loyihasi doirasida Maroqand Obod korxonasiga texnik yordam ko‘rsatuvchi Fransiyaning Seureca konsalting kompaniyasi ko‘magida ishlab chiqildi.

“COVID-19 tarqalish sur’atlari o‘smoqda, chiqindilarni yig‘ish va ularni boshqarish bo‘yicha davlat xizmati o‘z faoliyatini davom ettirishi o‘ta muhim, — dedi Fransiya taraqqiyot agentligining Toshkentdagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Rafael Jozan. — COVID-19ga qarshi kurash tibbiyot chiqindilarini ishonchli boshqarishni taqozo etadi. Chiqindilar sektori xodimlari eng old safdalar, ular yuqtirish xavfi ostida”.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonovning qayd etishicha, chiqindilarni boshqarish sektori xodimlari kunu tun chiqindilarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanmoqda. Ular faoliyatining samaradorligi pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni yengib o‘tishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.