Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasining kunlik tasdiqlanish holati yana rekord darajaga oshganini ma’lum qildi — kuniga 230 mingdan ziyod. Bu haqda Guardian xabar berdi. Avvalgi global rekord juma kuni qayd etilgan edi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda kuniga 5 ming nafar bemor koronavirusdan vafot etmoqda.

Jons Xopkins universiteti esa dunyoda koronavirusdan vafot etish holatlari shu paytgacha 570 mingga yetganini ma’lum qiladi. Shuningdek, qayd etilgan kasallik holatlari 12,93 mlndan oshgan.

JSSTning xabar berishicha, AQSH yana kunlik eng ko‘p kasallik aniqlangan mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda — bir kunda 66 mingdan ortiq kasallik qayd etildi. Shuningdek, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlarda ham 12 iyul kuni kasallik ko‘rsatkichlari ancha o‘sgan.

Xususan, Janubiy Afrikada vaziyat tubdan yomonlashgani sabab hukumat spirtli ichimliklarni sotishni taqiqlash va kunlik komendantlik soati joriy etishga qaror qildi.

Ta’kidlash joizki, kasallik holatlari bo‘yicha AQSH birinchi o‘rinda ekanligiga qaramay, 12 iyul kuni Nyu-York shahrida ilk bor COVID-19 sabab o‘lim holatlari aniqlanmadi, deya xabar berdi Bloomberg.

Nyu-York shahrida koronavirusdan vafot etgan ilk bemor haqida 11 mart kuni xabar berilgan, 7 aprelga kelib esa kunlik o‘lim ko‘rsatkichlari eng yuqori cho‘qqiga — 597 taga chiqdi. Bu borada Nyu-York shtatidagi rekord ko‘rsatkich esa 9 aprel kuni kuzatilgan − 799 ta o‘lim holati.

Eslatma o‘tamiz, aprel oyida Nyu-Yorkda koronavirusdan vafot etganlar orasida avval ikki nafar, keyin yana bir nafar o‘zbekistonlikning vafot etgani haqida xabar bergan edik.