Sog‘liqni saqlash vazirligi yengil COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni uy sharoitida davolash bo‘yicha vaqtinchalik klinik qo‘llanmani tasdiqladi (PDF). Hujjat Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida Milliy innovatsion sog‘liqni saqlash palatasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qo‘llanma tez yordam shifokorlari, umumiy amaliyot, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar, terapevtlar, pediatrlar, pulmonologlar, otorinolaringologlar, kardiologlar, nevropatologlar, reabilitologlar va hamshiralar uchun mo‘ljallangan.

Kasallikning alomatlarsiz shakli bemorda ijobiy SARS CoV-2 koronavirus testi ijobiy bo‘lib, unda hech qanday asoratlar kuzatilmasligi va shikoyatlar bo‘lmasligi bilan farqlanadi.

Kasallikning alomatlar kuzatiladigan shaklida, ko‘p hollarda quyidagilar kuzatiladi:

  • tana haroratining ko‘tarilishi (83−99%),
  • yo‘tal (59−82%),
  • umumiy holsizlik (44−70%),
  • ishtaha yo‘qolishi (40−84%),
  • nafas qisilishi, yetishmasligi (31−40%),
  • mushaklarda og‘riq paydo bo‘lishi (11−35%).

Boshqa alomatlar orasida tomoq og‘rig‘i, burun bitishi, bosh og‘rig‘i, diareya, ko‘ngil aynishi va qusish bilan bir qatorda, yuqoridagi alomatlar oqibatida, hid va ta’m yo‘qolishi ham qayd etilgan.

Keksa odamlarda va immuniteti zaif odamlarda quyidagilar kuzatilishi mumkin: isitmasiz atipik jarayon, umumiy holsizlik, diqqatning va jismoniy faollikning pasayishi, diareya, ishtahaning yo‘qolishi va deliriyning (fikr tiniqligining yo‘qolishi) rivojlanishi.

Hujjatda yozilishicha, bolalarda isitma va yo‘tal kattalarga qaraganda kamroq uchraydi.

Umuman olganda, qo‘llanmada kasallikning quyidagi yengil alomatlari haqida gap boradi:

  • tana haroratining 38 darajaga ko‘tarilishi (yoki kasallikning harorat ko‘tarilmasdan kechishi),
  • terlashning kuchayishi,
  • umumiy holsizlik,
  • yo‘tal,
  • bezovtalik,
  • tomoq og‘rig‘i,
  • tomoq qurishi, ko‘ngil aynishi,
  • qusish yoki diareya,
  • mialgiya va tanadagi og‘riqlar,
  • bosh og‘rig‘i,
  • ta’m va hid sezishning yo‘qolishi.

Hujjatda shifokorlar yengil COVID-19 bilan og‘riyotgan bemorlarga uyda simptomatik даволаniшni tavsiya etishgan:

  • isitmaga qarshi tana haroratini tushiruvchi va og‘riqqa qarshi dori vositalari (masalan, paratsetamol, ibuprofen);
  • rinit va rinofaringitni davolash kompleks terapiyasi (namlovchi preparatlar, burun bo‘shlig‘i uchun tomizg‘i dori vositalari);
  • bronxitni kompleks davolash (yo‘talga qarshi, bronxolitik vositalar va boshqa dori vositalari);
  • balg‘amni yo‘qotish, shilliq pardalarni namlash va suv muvozanatini saqlash uchun tez-tez issiq suyuqlik ichish.

«Yengil COVID-19 ni o‘tkazayotgan bemorlarga davolash yoki profilaktik maqsadlarda antibiotiklar tavsiya etilmaydi. Antibiotiklardan keng foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak, chunki ulardan foydalanish bakterial qarshilik darajasining oshishiga olib kelishi mumkin», — deyiladi qo‘llanmada.

Hujjatda ilova qilingan bemorlar uchun eslatma varaqasida yozilishicha, COVID-19 yengil kechayotgan holatlarda maxsus davolash choralari qo‘llanilmaydi.

«Hozirda ushbu infeksiyani davolash uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari yo‘q», — deyiladi eslatmada. Shuningdek, shifokor maslahatisiz paratsetamoldan tashqari boshqa tana haroratini tushiruvchi vositalardan foydalanish tavsiya etilmaydi.

Uyda parvarish qilish masalasiga kelsak, bemorlarni alohida, havo yaxshi aylanadigan xonada izolyatsiya qilish tavsiya etiladi. Bemorga surunkali kasalliklari yo‘q, nisbatan sog‘lom oila a’zosi qarashi mumkin. Bemor va uning xonasiga kirgan oila a’zolari ham niqob kiyishlari va qo‘llar gigiyenasiga rioya qilishlari kerak. Bemorga alohida choyshab va idishlar ajratish kerak. Bemorning kiyimlari 60−90 daraja haroratda yuvilishi kerak.

Shifokorlar uchun bemorlarni kuzatish algoritmi quyidagicha:

  • hududiy shifokorlar tomonidan har kuni qo‘ng‘iroq orqali aloqa;
  • umumiy holatni, tana haroratini baholash, shikoyatlarni aniqlash (yo‘tal, nafas qisilishi, holsizlik, terlash, diareya, toshma, miyalgiya (mushak og‘rig‘i)), saturatsiya (qonda kislorod darajasini aniqlash);
  • video-maslahat (zarur holatlarda, har uch kunda kamida bir marta)

Kuzatish davrida klinik alomatlarning (isitma, yo‘tal, nafas qisilishi, nafas qisilishi) ko‘payishi bilan bemorni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuborish zarur.

Kasallikning yengil shaklini o‘tkazayotgan bemorlarda tana haroratining ko‘tarilishi va nafas olishning qiyinlashishi kabi alomatlar kuzatilmasa, bitta salbiy test natijasidan so‘ng tibbiy kuzatuvdan chiqariladi.