Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev epidemiologik vaziyat tufayli mamlakatda karantin rejimi yana ikki haftaga uzaytirilishini ma’lum qildi.

“Karantin fuqarolar o‘zini o‘zi himoya qilish choralariga qat’iy rioya qilgan sharoitda ularning salomatliklari uchun zarur”, — deb yozdi Tvitterda.

“Barqarorlikning dastlabki alomatlarini ta’minlash lozim, bu ikki hafta hal qiluvchi bo‘ladi. Hukumat ehtiyojmandlarga iyul uchun 42,5 ming tengedan (mamlakatdagi eng kam ish haqi, 100 dollardan sal ko‘proq — tahr.) to‘laydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq e’lon qilingan favqulodda holat rejimi vaqtida ikki oy davomida qozog‘istonliklar 42,5 ming tengedan oldi. Mazkur ijtimoiy to‘lov 4,6 million kishiga berilgani ma’lum qilindi.

Qozog‘istonda COVİD-19 holatlari ko‘paygani sababli 5 iyuldan ikki hafta muddatga karantin kuchaytirilgan edi. Jumladan, hududlar o‘rtasida avtobuslar harakati to‘xtatildi, jamoat transporti faoliyati cheklandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda qariyb 59,9 mingta koronavirus holati qayd etilgan, COVİD-19 aniqlangan 375 bemor vafot etgan.