Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekistonda yangi karantin cheklovlari davrida ehtiyojmand oilalarga yordam qanday tashkil etilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi 20 kun muddatga (1 avgustga qadar) karantin cheklovlari joriy etilgani munosabati bilan qiyin vaziyatga tushib qolgan 120 ta eng ehtiyojmand oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror qabul qilgan edi.

Ularga davlat tomonidan oziq-ovqat, dori vositalari va birlamchi tovarlar ko‘rinishida yordam ko‘rsatilishi kutilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 20 mlrd so‘m ajratiladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari hamda volontyorlik yana yo‘lga qo‘yiladi.

Rahmat Mamatov ehtiyojmandlar va daromadlardan mahrum bo‘lgan oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha alohida nizom ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini tuzishda bir qator omillar hisobga olinadi. Vazirlik hududlar kesimida 101980 ta ehtiyojmand oilaning ro‘yxatini shakllantirib bo‘ldi.

Bundan tashqari, vazir xalq deputatlari kengashlari qarorlari bilan ehtiyojmand oilalarga «Mahalla» hamda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armalari hisobidan ham zarur mablag‘lar ajratilishini qayd etdi.

«Joylarda tuzilgan ro‘yxatlarga kiritilmagan, biroq oziq-ovqat va dori-darmonlarga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolar 1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z ehtiyojlari haqida xabar berishlari mumkin. Bundan tashqari, ular vazirlikning 71−203−01 -21 raqamiga ham qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin», — deya ma’lum qildi Rahmat Mamatov.

Vazirlikdan «Gazeta.uz»ga xabar qilinishicha, homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari raqamlari hozirda shakllantirilmoqda va tez orada e’lon qilinadi.