Orlando yengil avtomobili va DAF yuk avtomashinasi to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi vafot etdi va olti nafari esa jarohatlandi, deya xabar berdi IIV YHXBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 12 iyul kuni soat 00:20 larda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hududidan o‘tuvchi 4R 87 avtomobil yo‘lining 47 kilometrida, haydovchi 1976 yilda tug‘ilgan Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashagan M.M. ishonchnoma orqali “Orlando” rusumli transport vositasini ikkinchi darajali yo‘ldan boshqarib kelayotib, 2.4. “Yo‘l bering” yo‘l belgisiga va svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmasdan, asosiy yo‘ldan harakatlanib kelayotgan haydovchi 1979 yilda tug‘ilgan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi, B.Ya. boshqaruvidagi “DAF SXF 105” rusumli yuk avtomashinasi yo‘liga chiqib ketib to‘qnashuv sodir etgan.

YTH natijasida “Orlando” rusumli transport vositasi haydovchisi M.M. va avtomobil yo‘lovchisi 1983 yilda tug‘ilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashagan T.J.lar olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgani ma’lum qilinadi.

Ta’kidlanishicha, yo‘lovchilar — Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan Q.D., Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchilar 1983 yilda tug‘ilgan A.Sh., 1986 yilda tug‘ilgan Q.N., 2010 yilda tug‘ilgan J.Sh., 2013 yilda tug‘ilgan J.N. va 2016 yilda tug‘ilgan J.D.lar olgan tan jarohatlari sababli kasalxonaga yotqizilgan.