Koronavirus infeksiyasiga chalingan toshkentlik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, 10 iyul kuni Shayxontohur tumanida yashovchi 67 yoshli M.T. (ayol)da «COVID-19» tasdiqlangan. Shu kuniyoq o‘tkir nafas yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli og‘ir bo‘lganligi uchun Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

«Shifoxonada unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, bemorda gipertoniya kasalligining 2-darajasi, arterial gipertenziya, qandli diabet, surunkali xoletsistit kabi hamroh kasalliklar bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.