Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida ijro hokimiyati vakillari sud hokimiyati vakillarini xalq orasida obro‘sizlantirib, do‘pposlagan. Bu haqda O‘zA Sudyalar oliy kengashi sudyalar daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha sud inspeksiyasiga tayanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, 10 iyul kuni soat 8.30 larda Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudining raisi Ya.Bekkamov hamda haydovchi R.Rahimnazarov, shuningdek, Jarqo‘rg‘on tumani ma’muriy sudining raisi X.Rahimova hamda haydovchisi xizmat avtomobillarida tuman sudi binosi tomon harakatlanib kelayotganida tuman markaziga kiraverishda blok postda to‘xtatilgan va postdan o‘tkazilmagan.

Shu vaqtda postda bo‘lgan tuman hokimi Z.Davlatov boshchiligidagi ishchi guruh Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi qaroriga zid ravishda, tuman sudi xizmat avtomashinalarini postdan o‘tkazmagan. Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolaridan biri xizmat avtomashinasining orqa o‘ng eshigini ochib qo‘lidagi uyali aloqa telefoni bilan tasvirga tushirgan, postdan o‘tish uchun navbat kutib turgan tirband fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan.

Hadovchi R.Rahimnazarovni YPX xodimi R.Raimov bilagidan tortgan, IIB boshlig‘i B.Xidirov va o‘rinbosari Sh. Azizberdiyev esa avtomashina kalitini olib qo‘ygan. Uni avtomashinada o‘tirgan joyidan kuch ishlatib tortib, tuman IIB binosiga olib borishgan. IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Azizberdiyev sud xodimini haqoratlagan, bo‘ynidan bo‘g‘ib, shaxsiy telefon apparatini tortib olgan va vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qamab qo‘ygan.

10 iyuldagi sud-tibbiy tekshiruvi dalolatnomasiga ko‘ra, R.Rahimnazarovning badanida qontalashlar va shilinmalar mavjudligi, o‘tmas qattiq jismlar bilan bir-necha martaba zarbalar berilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, voqea joyida bevosita ishchi guruhiga rahbarlik qilgan Jarqo‘rg‘on tumani hokimi Z.Davlatov, tuman IIB boshlig‘i B.Xidirov, o‘rinbosari Sh. Azizberdiyev va boshqa aloqador xodimlarga nisbatan sud xodimiga qasddan yengil tan jarohati yetkazish, sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirish, sudyaning xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzish va boshqa holatlarga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 9 iyuldagi qarorida harakatlanish uchun maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan xizmat avtotransport vositalari ro‘yxati ma’lum qilindi. Bu ro‘yxatga sud tizimi ham kiritilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda. Tekshirish jarayoni Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.