Toshkentda koronavirusga chalingan 65 yoshli ayol o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Olmazor tumanida yashovchi M.X.da so‘nggi ikki haftada tana harorati ko‘tarilishi, holsizlik, yo‘tal kuzatilib, uyida davolangan. Tana harorati tushmagach, “COVID-19” infeksiyasiga namuna topshirgan.

Bemor Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga “COVID-19” infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, arterial gipertenziya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.