Adliya vaziri maslahatchisi va bloger Shahnoza Soatova o‘zini va oila a’zolarini koronavirus yuqtirgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. Bu haqda u o‘zining telegram kanalida xabar berdi.

Shaxnoza Soatova o‘zida 4 kundan beri tana harorati 37−37,5 atrofida bo‘layotganligi, oila a’zolarida ham isitma, yo‘tal kuzatilayotganigi va ta’m bilmayotganliklari haqida yozgan.

“Yarim kun SES eshigida sarg‘ayib, test topshirolmay qaytdim. Tez yordam va poliklinika menda kovid bo‘lishi mumkin deb faqat masofadan maslahat beryapti, lekin test yo‘qligi uchun rasman kovid deb tan ham olmayapti. Xullas, betartiblik va tizimsizlik”, — deb yozgan Shahnoza Soatova.

Bloger endi koronavirusdan mustaqil davolanashini, chunki testsiz birov uni davolamasligini, testni esa topshirolmasligini ta’kidlagan.

Shaxnoza Soatova sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilib, shunday deydi: “Shuncha payt faloncha kasal tuzaldi deb hisobot berib, shundoq ham tuzalib ketayotgan odamlar bilan statistikangizni boyitdingiz. Yana ularni tantana bilan uyiga kuzatib ajoyib shoular qildingiz. O‘sha paytda resurslaringizni to‘g‘ri taqsimlab, hozir o‘zingiz qo‘llayotgan usulni qilsangiz, ya’ni yoppasiga emas, faqat o‘ta zarur hollarda kasalxonaga kovid bilan zararlanganlarni yotqizsangiz bo‘lmasmidi? Vrachlarni zo‘riqtirmay, boshqa resurslarni ham oqilona taqsimlash bo‘lmasmidi shu. Kecha hammaga, bugun esa hech kimga bo‘lyapti endi”.

Bloger aynan shu kunlarda o‘zida koronavirus belgilarini sezganlar qayerga borishi, nima qilishi, o‘zini o‘zi qanday davolashi haqida yo‘riqnoma chiqarib, tarqatishni talab qilgan. “Hozir eng keraklisi shu. Chunki aholi u yoqda tursin, tibbiyot hodimlari ham bilmayapti nima qilishni. Internetda aylanib yurgan turli retseptlarni tartibsiz qo‘llashyapti!”, — deya ta’kidlaydi u.

“Masalan, uch kun avval isitmam chiqqanida poliklinikaga telefon qildim, u tezyordamga qil dedi. Koll-sentr ham tezyordamga yo‘naltirdi, tezyordam poliklinikaga, poliklinika yana tezyordamga… Oxiri telefonim ovoz yozyapti, shikoyat qilaman deganimdan so‘ng uchastka vrachim telefonda dorilarni aytib turdi. Mana ahvol! Hamma test topshiraman deb kasal yuqtirib yuribdi bir-biriga va vaqtni ham boy beryapti. Odamlarga hozir, bugun nima qilsa, qayerga murojaat qilsa to‘g‘ri va xavfsiz bo‘lishini aytish kerak,” — deydi Shahnoza Soatova.

Davletovuz kanali ushbu voqea yuzasidan quyidagicha fikr bildirgan.

“Har qanday kasalni davolashning birinchi talabi haqiqiy vaziyatni bilish hisoblanadi. Hozircha virus tarqalishiga qarshi butun dunyo tan olgan eng samarali usullardan biri ommaviy test olish bo‘lib turibdi. Simptomi bor odam test topshirguncha azobini ko‘rsa, topshirgan testi ham 2−3 kunsiz chiqmayotgan bo‘lsa — bu virusga qarshi kurash emas. Bu uch oylik muddatdan to‘g‘ri xulosa chiqarilmaganidan, boshning o‘rniga nafs ishlatilganidan boshqa narsa emas. Shunchalik ham bo‘ladimi?”

“Hammaning joni o‘ziga shirin, joni, jigari azob chekayotganda, odamlar jim turmaydi. Ularni vahima qilma, yolg‘on xabar tarqatma, deya jazo bilan qo‘rqitib bo‘lmaydi. Kabinetida konditsioner salqinida ishlab o‘tirgan chinovniklar birovga telefon qilmasdan, oddiy odam sifatida bir test topshirib ko‘rsin. Issiqda 5 soat turib, shunda ham topshirolsa — test topshirib, test natijasini 2−3 kun yurak hovuchlab kutsin. Ko‘p narsani tushunishardi”, — deya ta’kidlaydi bloger.