Ilon Maskning boyligi 10 iyul kuni Tesla aksiyalarining o‘sishi hisobiga 6,1 mlrd dollarga ko‘paydi. Uorren Baffet esa hafta boshida xayriya ishlariga 2,9 mlrd dollar ajratdi. Shuning hisobiga Ilon Mask dunyoning eng boy insonlari ro‘yxatida Uorren Baffetni va yana to‘rt milliarderni ortda qoldirdi, deya xabar berdi Bloomberg.

Bloomberg Billionaires Index reytingiga ko‘ra, 10 iyul kuni Tesla aksiyalarining narxi 11 foizga ko‘tarilgach, Ilon Maskning boyligi 6,1 mlrd dollarga ortdi. Hozirda Maskning umumiy boyligi 70,5 mlrd dollarga baholanmoqda.

Mask bir vaqtning o‘zida bir nechta milliarderlarni ortda qoldirib, reytingda yettinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Baffetdan tashqari, Tesla rahbari L’Oreal ning rahbarlaridan biri Fransuaza Betankur-Mayers, Oracle asoschilaridan biri Larri Ellison, Reliance Industires kompaniyasining egasi va Osiyoning eng badavlat insoni Mukesh Ambanilarni, shuningdek Google asoschisi Sergey Brinni ortda qoldirdi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 49 yoshli Ilon Mask Tesla kompaniyasining beshdan bir qismiga egalik qiladi va bu uning boyligining asosiy qismini tashkil etadi. Bu yil elektr transport vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalarining qiymati 269 foizga oshdi. Ilon Mask, shuningdek, SpaceX aksiyalarining eng katta qismiga egalik qiladi, kompaniyaning Maskga tegishli aksiyalarining umumiy qiymati 15 milliard dollarga baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla kompaniyasining aksiyalari 1000 AQSH dollarlik marrani bosib o‘tgani va kompaniya avtomobil ishlab chiqaruvchi eng qimmat kompaniyaga aylangani haqida xabar bergan edik.