Aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 13 iyuldan 1 avgustga qadar respublika miqyosida qo‘shimcha ravishda quyidagi karantin cheklovlari kiritildi:

  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyati to‘xtatiladi;
  • mahalliy (ichki) aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovi to‘xtatiladi;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarga «o‘zini o‘zi yakkalash» hayot tarziga qat’iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.

Shu bilan birga, joriy yil 18−19 iyul hamda 25−26 iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo‘nalishsiz taksilarning harakati to‘liq to‘xtatiladi.

Ta’kidlanishicha, mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining 8 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, 18−19 iyul hamda 25−26 iyul (shanba va yakshanba) kunlari aholiga — «o‘zini o‘zi yakkalash» hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish va davlat organlari va muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga — xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish tavsiya etildi.