O‘zbekiston prezidenti qaroriga binoan Alisher Sa’dullayev yangi tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligi direktori lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Ta’kidlanishicha, shu munosabat bilan, Alisher Sa’dullayev prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Ma’lumot uchun, Alisher Sa’dullayev (1994 y. t.) 2017 yil iyulida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlanib, mamlakatdagi eng yosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan edi. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bitiruvchisi. Avval Result o‘quv markazini boshqargan. 2018−2019 yillar Alisher Sa’dullayev Yoshlar ittifoqi rahbarining birinchi o‘rinbosari va 2019 yildan Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, 2020 yili 17 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati a’zolarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonni bilan Alisher Sa’dullayev senator etib tayinlangandi. Ushbu tayinlov bilan u mamlakat tarixidagi eng yosh Senat a’zosiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, 30 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi yangi organ — Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgandi.