Seulning bedarak yo‘qolgan meri Pak Von Sun o‘lik holda topildi. Bu haqda 9 iyul kuni Koreyaning Yonhap axborot agentligi politsiya vakiliga tayanib xabar berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.

Xabarda qayd etilishicha, 64 yoshli merning yo‘qolgani haqida uning qizi xabar bergan. Hokimning jasadi Seul markazidagi Pugaxan bog‘idagi o‘rmonli tepalikda, 600 nafar politsiya va o‘t o‘chiruvchilar, itlar va dronlar ishtirokidagi yetti soatlik qidiruvdan so‘ng topilgan.

Politsiya rasmiy vakili Pak Von Sun o‘z jasadida aniq qotillik belgilari ko‘rinmayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, vakil jurnalistlarga marhumning jasadi tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgandan so‘ng aniq o‘lim sababi aniqlanishini ta’kidladi, deb yozadi TASS.

Seul merining jasadini olib ketayotgan tez yordam Seul milliy universiteti kasalxonasida to‘xtadi. Foto: Yonhap.

Yonhap agentligining xabar berishicha, payshanba kuni soat 16:40 (12:40) da Seul shahri meri davlat rivojlantirish bo‘yicha komissiya raisi Kim Sa Yol bilan uchrashishi kerak edi. Ammo sog‘lig‘i yomonligi sababli Pak Von Sun ish joyiga bormagan.

Seul merining qizi otasi uydan chiqishdan avval vasiyatnomaga o‘xshagan maktubni qoldirganini ma’lum qildi. Uning ish stolida topilgan maktubni merning bosh kotibi ommaga e’lon qildi.

“Men hammadan uzr so‘rayman. Hayotimda men bilan bo‘lganlarning barchasiga minnatdorman. Men oilamga faqat og‘riq yetgazganim uchun doim afsusdaman. Iltimos, tanamni krematsiya qiling va kulini ota-onamning qabri ustiga soching. Barchaga xayr”, — deb yozgan Seul meri o‘zining xayrlashuv maktubida.

Janubiy Koreyaning ba’zi ommaviy axborot vositalari siyosatchining o‘limini jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ayblovlar bilan bog‘lamoqda. “Hanguk konjhe” gazetasining yozishicha, bir kun oldin merning sobiq qo‘l ostidagi ishlagan xodimi Pak Von Sunga qarshi politsiyaga shikoyat qilgan. Jurnalistlar bilan uchrashuvda politsiya xodimi ariza chorshanba kuni berilganligini tasdiqladi, ammo tafsilotlarni aniqlamadi, deb xabar beradi The Guardian.

Qonunga ko‘ra, Pak Von Sun vafotidan keyin merning vazifalari 2021 yil 7 aprel — mahalliy saylovlar o‘tkazilgunga qadar uning ma’muriy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari So Jung Xyup tomonidan bajariladi.

Pak Von Sun 1982 yildan beri advokat bo‘lib ishlagan va inson huquqlari bilan shug‘ullangan, deb yozadi BBC.

1970 yillarning oxirida u Pak Chun Xi diktaturasiga qarshi talabalar norozilik namoyishlarida qatnashgani uchun Seul milliy universiteti safidan chiqarib yuborilgan. U haydalganidan keyin bir necha oy qamoqda ham o‘tirgan. 1993 yilda u Garvard yuridik maktabida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan.

Seul meri lavozimida Pak Von Sun shaharni obodonlashtirish ishlari bilan faol qatnashgan. 2013 yilda u Seul metrosi va shaharlararo poyezdlarda yo‘l haqi oshirilishini bekor qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Pak Von Su mamlakatda hukmron Toburo Demokratik partiyasining a’zosi va 2011 yildan beri Seul meri lavozimida ishlab kelgan. Ko‘pchilik uni 2022 yilgi prezident saylovlarida ehtimolli nomzod deb hisoblayotgandi.