Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazining bosh shifokori hibsga olingani haqida ma’lumot tarqaldi. «Gazeta.uz» so‘roviga binoan ushbu xabarga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatida izoh berdi.

Unga ko‘ra, Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslarining asosiy vazifasi mamlakatda koronavirus pandemiyasi sababli karantin e’lon qilinganligi munosabati bilan viloyatda sanitariya va epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘lsada, prezidentining farmoni asosida tashkil qilingan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan mablag‘larni maqsadsiz sarflagani gumon qilinmoqda.

Jumladan, markaz mansabdor va moddiy javobgar shaxslari jami 509 mln 863 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklarini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishganligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, jinoyat ishining tergovi davomida markaz ombor mudiriga va markaz bosh vrachiga JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, «qamoq» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

«Hozirda, jinoyat ishi doirasida holatga aloqador boshqa shaxslarning ayblilik masalasi hal qilinmoqda. Shuningdek, markazning 7 nafar mansabdor va moddiy javobgar shaxslarning turar joylarida tintuvlar o‘tkazilganda, markaz rahbarining xonadondan 6 dona ko‘p tarmoqli davolash va 1 dona tashxis qo‘yish uskunalari hamda markazning 2019 yil uchun yuritilgan buyruqlarni ro‘yxatga olish kitobi, xo‘jalik mudirining xonadonidan 8 to‘plam infeksiyaga qarshi maxsus himoya kiyimi va 5 turdagi tibbiy himoya vositalari olingan», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishi bo‘yicha Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq Bosh prokuraturaga tayanib xabar berganimizdek, Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazining mansabdar shaxslari T va I-P kompaniyalaridan (kompaniya nomlari qisqartirilgan) kimyoviy dezinfektsiyalash vositalari va tibbiy niqoblarni oshirib yuborilgan narxda sotib olgan, bu esa 222,3 million so‘mni o‘g‘irlashga olib kelgan.