O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishda ayblangan Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Mamadaliyev birinchi instansiya sudida aybsiz deb topildi, deya xabar berdi O‘zA.

5 iyun kuni Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytida hokim o‘rinbosari Baxtiyor Mamadaliyev o‘qituvchilarni majburiy obuna va mehnatga jalb qilgani uchun 15 million 610 ming so‘m jarimaga tortilgani haqida xabar e’lon qilingan edi.

Xabarga ko‘ra, hokim o‘rinbosari maktab direktorlariga yanvar oyida gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish haqida topshiriq bergan, maktab mikrohududidagi mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi kam ta’minlangan aholini xatlovdan o‘tkazishda o‘qituvchilardan yordam so‘ragan. 28 may kuni esa ertalab soat 6:45 da yoshlar yetakchisi va yana bir nafar xodim bilan birga tumandagi barcha maktab direktorlari va 80 nafardan ortiq o‘qituvchini o‘t yulish va yerni chopiq qilish, yumshatish ko‘rinishidagi majburiy mehnatga jalb qilgan.

Hokim o‘rinbosari B.Mamadaliyev o‘ziga nisbatan chiqarilgan qarordan norozi bo‘lib, sudga murojaat qilgan.

Zangiota tumani ma’muriy sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Baxtiyor Mamadaliyev huquqbuzarlik faktlarini inkor qilib, o‘ziga qarshi qaror dalillarsiz, bir tomonlama qabul qilinganini va hech kimni obuna bo‘lishga, majburiy mehnatga jalb etmaganini ma’lum qildi.

Baxtiyor Mamadaliyev Toshkent viloyati hokimining mehnat jamoalarida ma’naviy-ma'rifiy muhit barqarorligini saqlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoyishi va Zangiota tumani hokimining farmoyishiga ko‘ra “Bir jamoaga bir gazeta” aksiyasi e’lon qilingani munosabati bilan 2020 yil uchun gazeta va jurnallarga obuna tashkil etish bo‘yicha targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanganini ta’kidladi.

Sudda guvoh tariqasida so‘ralgan Zangiota tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi A.Rahmatullayev Zangiota tumani hokimi o‘rinbosari B.Mamadaliyev qo‘ng‘iroq qilib, 28 may kuni xodimlarni yig‘ish kerakligini, maktablarni ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari haqida gaplashib olish kerakligini aytganini, lekin yig‘ilish bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Obuna ishlari esa ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani, maktab mikrohududida yashovchi kam ta’minlangan aholini xatlovdan o‘tkazish va hisobotlarni hokimiyatga topshirish to‘g‘risida yordam so‘ralgani, buni to‘g‘ri tushungan holda bu masalada yordam berilgani, hech kimni majburiy mehnatga jalb etmaganini bayon qildi.

Sud o‘z qarorida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 1-bandida ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘q bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emasligi, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi ko‘rsatilganini qayd etdi.

Zangiota tumani ma’muriy sudi sudyasi A.Abdurazzoqov tuman hokimi o‘rinbosari B.Mamadaliyevning harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari o‘z tasdig‘ini topmaganligini e’tiborga olib, Toshkent viloyati mehnat inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi O‘.Tursunboyevning 3 iyundagi B.Mamadaliyevga 15 million 610 ming so‘m jarima solish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish va unga nisbatan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni tugatishni lozim deb topdi.

“Ammo sud majlisida mansabdor shaxsning o‘zi ham bevosita ishtirok etgani uchun ham ayrim guvohlar avvalgi ko‘rsatmalarini o‘zgartirdi. Inobatga olinishi kerak bo‘lgan, rad qilib bo‘lmaydigan faktlarimiz bor. Shuning uchun ham biz bu ish bo‘yicha protest keltirilishi uchun prokuraturaga murojaat qildik. Ish kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilishi uchun ham ariza topshirildi. Demak, ish hali yakuniga yetmagan, sud jarayonlari yana davom etishi kutilmoqda”, — dedi Toshkent viloyati mehnat inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi O‘tkir Tursunboyev O‘zAga.

Xabarda ta’kidlanishicha, ish hali yakuniga yetgani yo‘q, sud jarayonlari yana davom etishi kutilmoqda.