AQSHda 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng, Qashqadaryo viloyatining Qarshi-Xonobod aviabazasiga (K2) amerikalik harbiylar joylashtirilgan edi. AQSH mudofaa vazirligi aviabazaga joylashtirilgan harbiylar zaharli moddalar va radiatsiya ta’siriga uchragan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni e’lon qildi, deya xabar berdi CNN.

Qarshi-Xonobod aviabazasiga 2001 yildan 2005 yilga qadar minglab amerikalik harbiylar joylashtirilgan. Hujjatda 2001, 2002 va 2004 yillarda bazadagi ekologik xavfni o‘rganishga va ularning harbiy xizmatchilar sog‘lig‘iga ta’siriga doir tekshiruv natijalari keltirilgan. 2001 yilgi tekshiruv natijalarida yozilishicha, baza atrofidagi tuproq aviayoqilg‘i bilan ifloslangan. O‘sha vaqtda ekspertlar ifloslangan tuproq bilan ishlashni taqiqlashni tavsiya qilgan.

Ma’lumotlarda keltirilishicha, 2004 yilda lagerda xodimlarning 10 foizdan kamrog‘i fon nurlanishiga duchor bo‘lgan. Ammo shunga qaramay, 100 foiz harbiy xizmatchilar “har kuni radiatsiyaga uchragan” bo‘lishi mumkinligi aniqlangan. Hujjatlarga ko‘ra, harbiylarning bazaga joylashtirilishidan oldin ushbu hududda Sobiq Ittifoq raketalari yo‘q qilingan. Bu esa tuproqning uran va asbest qorishmasi bilan to‘yinishiga olib kelgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, asbestning barcha turlari o‘pka saratonini, mezotelioma va o‘pka fibrozini keltirib chiqaradi.

Ushbu hujjatlar demokrat Stiven Linch va kongressmen Mark Grin talabiga binoan e’lon qilingan. Stiven Linch ushbu hujjatlarni oshkor qilish K2 faxriylari “xizmat vaqtida nimaga duch kelganini yaxshiroq anglashlari” va yaxshi tibbiy xizmatdan foydalanishlari uchun zarurligini ta’kidlagan.

“K2 faxriylarida saratonga chalinish holati boshqa joylarda xizmat qilgan hamkasblariga qaraganda besh barobar ko‘p uchramoqda, ularning aksariyati esa kasallik nafaqasini olmaydi”, — dedi kongressmen Stiven Linch.

Faxriylarning aytishicha, ularni zaharlanish xavfi borligi to‘g‘risida hech kim ogohlantirmagan.

Ma’lumot uchun, AQSH da 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng, Jorj Bush Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariga murojaat qilib, o‘z aerodromlarini vaqtincha ijaraga berishni so‘ragan. Bu orqali AQSH Afg‘onistondagi “Al-Qoida” terroristik guruhiga tezkor hujumlarni amalga oshirmoqchi bo‘lgan. O‘zbekistonning sobiq Prezidenti Islom Karimov murojaatga birinchi bo‘lib javob qaytargan va Xonobod aerodromi AQSH harbiylariga foydalanish uchun berilgan edi.