O‘zbekiston prezidenti qaroriga asosan Jamshid Abruyev Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi vazirlikning matbuot xizmati.

Tayinlovga qadar, Jamshid Ismailovich Abruyev Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida samarali faoliyat yuritib kelgan.

Ma’lumot uchun, Jamshid Abruyev (1979 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan) 1999 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti va 2004 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetlarini tamomlagan.

J. Abruyev o‘z faoliyatini 2000 yilda Samarqand shahar Temir yo‘l tumani xalq ta’limi bo‘limi “Markazlashgan xisobxona” hisobchisi, bosh hisobchi o‘rinbosari lavozimida boshlagan. 2004 yildan 2012 yilga qadar Samarqand viloyat hokimligining Moliya boshqarmasi 1-toifali iqtisodchisi, yetakchi iqtisodchisi, bosh iqtisodchisi, bo‘lim boshlig‘i muovini lavozimlarini egallagan.

Moliya vazirligi tizimida J. Abruyev 2012 yilda Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasining Umumiy o‘rta va maktabgacha ta’limni moliyalashtirish bo‘limi yetakchi iqtisodchisi sifatida boshlagan, keyinchalik bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2017 yilda Moliya vazirligi Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshliq o‘rinbosari. 2017 -2018 yillarda esa Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 7 iyul kuni prezidentining qarori bilan sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga Moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lib kelayotgan Shaxrux Sharaxmetov tayinlangandi.