Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi “Jibek joli” — “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali 3700 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari chegarani kesib o‘tdi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati.

Avval xabar qilinganidek, 1 iyuldan 7 iyulgacha bo‘lgan muddatda “Jibek joli” — “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punkti orqali 2700 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga qaytgan.

“Biroq yuzaga kelgan texnik muammolar tufayli Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan yurtdoshlarimizni o‘tkazish cheklangan miqdorda amalga oshirildi. Oqibatda bu holat chegarada 3000 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari to‘planib qolishiga sabab bo‘ldi”, — deyilgandi shunda xabarda.

Ta’kidlanishicha, Respublika maxsus komissiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari va O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida 8 iyul kuni mamlakat fuqarolarining Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidan erkin o‘tishiga to‘sqinlik qiluvchi barcha texnik va tashkiliy masalalar tezkorlik bilan hal qilindi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 8 iyul kuni kechqurun va 9 iyul kuni “Jibek joli” — “G‘isht-Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktidan 3746 nafar O‘zbekiston fuqarolari o‘tkazildi.

“Hozirgi paytda davlatlararo chegarani kesib o‘tishda muammolar yo‘q, nazorat-o‘tkazish punktlari odatdagidek ishlamoqda, fuqarolarning to‘planib qolishi kuzatilmayapti”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston fuqarolari qaytib kelgandan keyin Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat’iy rioya qilgan holda 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.