Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va BMTning Taraqqiyot dasturi afg‘on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengayishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chegaralararo tashabbus doirasida ular O‘zbekistonda ta’lim grantlari asosida tahsil oladilar. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatdagi vakolatxonasi xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, loyihaning maqsadi — o‘z yurtlarida ta’lim va ish bilan ta’minlashda erkaklarga qaraganda nomutanosib to‘siqlarga duch kelayotgan afg‘on ayollari uchun ta’lim olish imkoniyatlarini taqdim qilishdan iborat.

Umuman, Afg‘onistondan kelgan 50 nafar ayol Qozog‘iston va O‘zbekiston universitetlarida o‘qishi va bitirishi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida, 2019 yil oktabr oyida Afg‘onistonlik ayollarning birinchi guruhi statistika, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sohalarida ta’lim safarlarini boshlash uchun Qozog‘istonga tashrif buyurdi. Bu yil esa yana 20 nafar talabaga ta’lim granti beriladi. Ular O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini, Qozog‘istonda esa konchilikni o‘rganadilar. Ixtisoslashgan ta’lim olishdan oldin talabalar til kurslarini o‘tashlari kerak bo‘ladi.

Afg‘onistonlik ayollar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini o‘rganadilar va o‘qishni tugatgandan so‘ng ularga texnik va kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi guvohnomalar topshiriladi. Afg‘onistonlik yosh ayollar Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida, Toshkent davlat agrar universiteti ko‘magi ostida, o‘qiydilar.

Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbus uchun 2 million yevro miqdorida grant ajratdi, loyihani BMTTD 2025 yilgacha amalga oshirilishini ta’minlaydi.

“Ayollar o‘z milliy iqtisodiyotiyotlari o‘sishiga asosiy hissa qo‘shuvchilardir. Shunga qaramay, ular ta’lim olish, munosib mehnat va teng maosh olish imkoniyatiga ega bo‘lish yo‘lida ko‘pincha ijtimoiy to‘siqlarga duch kelishadi. Malakalari ortishi bilan ayollar xususiy yoki davlat sektorida yuqori darajadagi ish joylariga ega bo‘lishlari kutilmoqda, bu ularga o‘z mamlakatlari rivojiga samarali hissa qo‘shishga imkon beradi” — deydi Eduards Stiprais, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi.